O‘zbekiston Berlinda “Green week – 2019” tadbirlarida ishtirok etmoqda

2019 yil 17 yanvardan 27 yanvargacha Berlinda (Germaniya) agrosanoat sohasidagi eng yirik tadbir – “Green week – 2019” o‘tkazilmoqda. 18-yanvar kuni xalqaro ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston stendining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va alkogol mahsulotlari, shuningdek, mamlakatimizning milliy taomlari va sayyohlik salohiyati namoyish etildi.

Delegatsiya tashrifi doirasida G2B va B2B formatida “kooperatsion birja” ning faoliyati boshlandi. Berlindagi O‘zbekiston biznes vakillari savdo-iqtisodiy shartnomalar paketini shakllantirish, shuningdek, nemis tadbirkorlari bilan o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni imzolash yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

Shu bilan bir qatorda “Green week – 2019” tadbirlari doirasida Global oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi forumi (GFFA) ham bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida nutq so‘zlagan Germaniya kansleri Angela Merkel ushbu tadbirning muhimligini alohida ta’kidladi. “Qishloq xo‘jaligi va savdo vazirligining 70ga yaqin vakillarining bir joyga to‘plangani quvonarlidir”. Shu nuqtai nazardan Angela Merkel mazkur tadbirni Davos Iqtisodiy Forumi bilan taqqosladi, unda global kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

Shuningdek, Forumda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaevning ma’ruzasi tinglandi. U forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda savdo-iqtisodiy sohani va mamlakat qishloq xo‘jaligi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, 2000 yildan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi yiliga 6,6% barqaror sur’atda o‘sib borayotgani, bu jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan 2,8% ko‘proq ekanligini alohida ta’kidladi. Hozirda O‘zbekiston 2021 yilga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 5 milliard dollarga oshirishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, Germaniya qishloq xo‘jaligi vaziri Yuliya Klokner bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, unda agrosanoat sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Green week – 2019” 27 yanvarga qadar davom etadi. Bu yilgi ko‘rgazmada 400 mingdan ortiq mehmonlar kelishi, shuningdek, bir qator konferensiya va taqdimotlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati

Toshkentda ob-havo

Toshkent

Bugun 11:00 vaqtdagi ob-havo

+7 °C

So'rovnoma

Sizningcha, korrupsiyaning sabablari nima?
UZ-CERTified Hosting by UZINFOCOM