O’zbekiston “Yashil haftalik - 2019” xalqaro ko’rgazmasida ishtirok etadi

O’zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi hamda “O’zekspomarkaz” AJ MKM tomonidan 84-Xalqaro “Yashil haftalik - 2019” ko’rgazmasida O’zbekiston stendi tashkil etiladi. Ko’rgazma Berlin shahrida (Germaniya) 18-27 yanvar kunlari o’tkaziladi.

“Yashil haftalik” xalqaro ko’rgazmasi oziq-ovqat sanoati, bog’dorchilik, qishloq va o’rmon xo’jaliklari sohalaridagi eng yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. Ushbu ko’rgazmada 70 davlatdan 1600dan ziyod eksponentlar va 400 mingdan ortiq mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

O’zbekistonning ushbu ko’rgazmada ishtirok etishidan ko’zda tutilgan asosiy maqsadlar quyidagilar:

  • O’zbekistonning meva-sabzavotlar yetishtirish, ishlab chiqarish va qayta ishlash bo’yicha yutuqlari hamda salohiyatini 195 m2ga ega pavilionda namoyish etish;
  • Ko’rgazma ishtirokchilari va mehmonlarini biologik toza qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan yaqindan tanishtirish;
  • Sohadagi xalqaro tajriba bilan tanishish, dunyodagi yetakchi kompaniyalar bilan barqaror hamkorlik aloqalarini o’rnatish;
  • O’zbekistonning boy tarixi, madaniyati, turizm salohiyati hamda milliy taomlarini namoyish etish.

Ko’rgazma doirasida O’zbekistonning iqtisodiy va eksport salohiyati taqdimoti o’tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Stendda tabiiy va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, ziravorlar, vino va akogolli ichimliklar, tayyor hunarmanchilik mahsulotlari hamda milliy oshxona va turizm saloyihati uchun alohida maydoncha taqdim etiladi. Shuningdek, tadbir doirasida ushbu mahsulotlarni Yevropa bozorlariga yetkazish bo’yicha eksport shartnomalarini tuzish rejalashtirilmoqda.

Ushbu tadbir mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun o’z mahsulotlarini jahon bozorida namoyish etish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish, eksport hajmlari va yetkazib berish geografiyasini kengaytirishga katta imkoniyat hisoblanadi.

Ta’kidlab o’tish joiz, barcha ishtirokchi-kompaniyalar hamda ularning mahsulotlari “Yashil haftalik - 2019” virtual maydonida ham namoyish etiladi, va bu o’z o’rnida mahsulot va xizmatlarni masofadan turib taklif etishga ham imkoniyat yaratadi.

Vazirlik meva-sabzavot va qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, oziq-ovqat sanoati vakillari, hunarmandlar va boshqa barcha xohlovchilarni ko’rgazmada ishtirok etishga taklif qiladi.

Ishtirokchilarni ro’yxatdan o’tkazish Tashqi savdo vazirligi va “O’zekspomarkaz” AJ MKM tomonidan amalga oshiriladi. Telefon: +998 71 238 50 61; elektron pochta manzili: marketing@mft.uz.

 

Tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati

Toshkentda ob-havo

Toshkent

Bugun 05:00 vaqtdagi ob-havo

+3,7 °C

So'rovnoma

Sizningcha, korrupsiyaning sabablari nima?
UZ-CERTified Hosting by UZINFOCOM