Uzbekistan AGROTECH EXPO-2017

Nashr uchun 29.05.2017 y. | 16:15 Uzbekistan AGROTECH EXPO-2017
30 may kuni poytaxtimizdagi “O'zekspomarkaz” milliy ko'rgazma majmuida, qishloq xo'jaligi uchun texnologiyalar va uskunalarning XII“Uzbekistan AGROTECH EXPO-2017” hamda qishloq xo'jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining VI- «Uzbekistan AGROMASH EXPO-2017» xalqaro ixtisoslashtirilgan ko'rgazma savdolari ish boshlaydi. Ushbu ko’rgazmalar 2 iyungacha davom etadi va shubhasiz joriy yilning eng muhim tadbirlaridan biri bo’ladi. 
Mamlakatimiz qishloq xo’jaligi komplekslari oldida turgan muhim maqsadlarni hisobga olgan holda aytish mumkinki, bu kabi tadbirlar juda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahalliy korxonalarda qishloq xo'jalik xom ashyosini qayta ishlashni sezilarli darajada oshirish va chuqurlashtirish hamda bu borada barcha mavjud zahira va imkoniyatlardan foydalanish, qishloq xo'jaligi va qayta ishlash sanoatini zamonaviy, jahon talablari va standartlariga to'la javob beradigan qishloq xo'jaligi texnikasi va uskunalari bilan ta'minlash, sohaga to'g'ridan to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mamlakatimiz ijtimoiy siyosiy rivojlanishing ustuvor yo'nalishlaridan biridir. 
Tadbir doirasida yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni keng jalb qilish va ishtiroklarini ta’minlash maqsadida hukumat qaroriga muvofiq milliy ko’rgazma majmui “O’zekspomarkaz ” maydonlari ishtirokchilarga bepul taqdim etiladi.
Ko’rgazmada asosiy e’tibor O’zbekistonlik iste’molchilarni texnologiyalar va uskunalarni olishda mavjud moliyaviy imkoniyatlar borasida xabardor qilishga qaratiladi. Bundan tashqari, ko'rgazma doirasida mamlakatimiz fermer xo'jaliklari, agrofirma va kichik korxonalarining xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan o'zaro manfaatli hamkorligini yanada rivojlantirishga yo'naltirilgan bir qator maxsus tematik seminarlar, ilg'or texnologiyalar va zamonaviy uskunalarning taqdimotlari bo'lib o'tadi.

“Uzbekistan Agrotech Expo-2017”

Ko’rgazma-savdo ishida Belgiya, Italiya, Germaniya, Frantsiya, Gollandiya, Koreya, Turkiya, Xitoy, Rossiya va boshqa dunyoning 16 davlatidan 53 dan ortiq ishlab-chiqaruvchi kompaniyalar ishtirok etadilar.
Ko'rgazmada meva sabzavot, go'sht va sut, un va kombikorm, bog'dorchilik va uzumchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, qadoqlovchi jihozlar, o'simliklar muhofazasi uchun kimyoviy preparatlar, veterinariya, qorako'lchilik va charm qayta ishlash bo'yicha mini texnika va ixcham uskunalar namoyish qilinadi.
---------------------------
2016 yilgi ko’rgazma –savdo natijalariga ko’ra xorijiy kompaniyalar va respublika tadbirkorlari o’rtasida mini-texnologiyalar , ixcham uskunalar va qishloq xo’jaligi texnikalari sotib olish uchun umumiy qiymati 329,3 milliard so’m bo’lgan 646 ta shartnoma va protokollar imzolandi.

“Uzbekistan Agromash Expo-2017”
An'anviy tarzda beshinchi bor o'tkazilayotgan ko'rgazma mamlakatimiz agrosanoat kompleksida yangi texnik yechimlar, shuningdek, jahondagi yirik ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini namoyish etish uchun markaziy maydonga aylanadi. Unda dunyoning 8 davlatidan 14 dan ortiq qishloq xo’jaligi texnikalari va uskunalari ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalar hamda , respublikamizning OAJ “Agregat zavodi”, OAJ “Chirchiqselmash” kabi shuningdek, tijorat banklari va lizing kompaniyalari ishtirok etadilar.
Ko'rgazma ishida Case New Holland, Claas, John Deere, Lemken, kabi jahonga mashhur kompaniyalarning 70 dan ortiq texnika turlari namoyish etiladi. 

Tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati