O`zbekiston-Turkiya savdo-qitisodiy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiya yig`ilishida

Nashr uchun 25.05.2017 y. | 16:35 O`zbekiston-Turkiya savdo-qitisodiy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiya yig`ilishida
Joriy yilning 25-may kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o`rtasida savdo-iqtisodiy masalalar bo`yicha Hukumatlararo Komissiya yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Komissiya yig`ilishi O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari R.Azimov va Turkiya Bosh vaziri o`rinbosari Yildirim Tugrul Turkesh boshchiligida o`tkazildi.
Shuningdek, tadbirda ikki mamlakatning taklif qilingan vazirlik, idoralar va tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Kun tartibiga muvofiq yig`ilish davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnika, turizm, transport, kommunikatsiya sohasida hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O`zining chiqish so`zida turkiya delegatsiyasi rahbari Y.Turkesh “Bizning xalqlarimiz ko`p asrlik tarix, umumiy til, an’analar, o`xshash udumlari bilan mushtarakdir. Turkiya-O`zbekiston hamkorligining samaradorligi umumiy manfaatlar va barcha yo`nalishlar bo`yicha faoliyat yuritishda aniq siyosiy mustahkamlik mavjudligi tomonidan juda o`xshashligidadir” deya ta’kidladi.
Shuningdek, 2016 yil noyabr oyida Samarqandda va 2017 yil Pekinda oliy darajada bo’lib o`tgan muzokaralar o`zbek-turk munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Komissiyaning navbatdagi yig`ilishini o`tkazish uzoq davr mobaynidagi tanaffusdan so`ng oliy darajada erishilgan kelishuvlarning bajarilishida qo`yilgan ilk amaliy qadam deb baholandi.
Y.Tukesh sohalarning diversifikatsiyasi va sanoat modernizatsiyasiga qaratilgan O`zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berdi va muvoffaqiyatli biznes yuritishda yaratilgan qulay investitsiyaviy iqlimga alohida to`xtalib o`tdi.
Komissiya yig`ilishi so`ngida ikki yoqlama ko`p qirrali hamkorlikni kelajakda rivojlantirish bo`yicha aniq va muhim kelishuvlarga erishildi.
Aynan, savdo sohasida tomonlar kelayotgan yilda ikki mamlakatda ham talabgor bo`lgan o`zaro keng nomenklaturali mahsulotlarni yetkazib berishda ikki yoqlama savdo hajmini bir necha marotaba kengaytirishga kelishib oldilar.
Asosiy e`tibor o`zaro manfaatli va uzoq muddatli bo`lgan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi. Aynan ushbu sohada hamkorlikning asosiy yo`nalishlari aniqlanib olindi. Yetakchi turkiya kompaniyalari bilan elektrotexnika,oziq-ovqat, tekstil, charm-poyafzal, farmatsevtika mahsulotlari, zamonaviy qurilish mollari, xalq iste`moli mahsulotlari va boshqa sohalarda ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha loyihalardir.
Hamkorlikning boshqa ustuvor yo`nalishi sifatida turizm sohasi belgilandi. O`zbekistonning tarixiy shaharlarida zamonaviy mehmonxona kompleksi, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida yetakchi turkiya kompaniyalari bilan strategik hamkorlkini yo`lga qo`yishga kelishib olindi.
Yig`ilish yakuniga ko`ra tadbir doirasida ko`rib chiqilgan, ikki yoqlama o`zaro hamkorlik yo`nalishlari va masalalari kiritilgan Protokol imzolandi. 
Ma’lumot uchun: Bugungi kungacha Komissiyaning 3 ta yig`ilishi bo`lib o`tgan. Oxirgisi 2008 yil Anqara shahrida bo`lib o`tgan edi.
Turkiya O`zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan hisoblanadi. 2016 yil natijalariga ko`ra mamlakatlar o`rtasidagi savdo aylanmasi 1,2 mlrd.dollarni tashkil etdi.
Ayni vaqtda O`zbekiston Respublikasida turkiya kapitali ishtirokida 441 ta korxona faoliyat yuritmoqda shu jumladan, 94 ta qo`shma korxona 100% turkiya kapitali asosida ishlamoqda.

Tashqi savdo vazirligi 
matbuot xizmati